Parij-2024 litsenziatlari: Ikki karra Olimpiada chempionligini koʻzlayotgan Akbar Joʻrayev
Boʻstonliq oʻgʻloni Akbar Joʻrayev oʻzining ikkinchi Olimpiadasida ikkinchi chempionlik uchun bor imkoniyatini ishga solishi, shubhasiz. Parij-2024 siklida Olimpiya vazn toifalari oʻzgargani bois yurtdoshimiz bu gal -102 kg vazn toifasida ishtirok etadi.
Joʻrayev Akbar Husnidilla oʻgʻli 1999-yil 8-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida dunyoga kelgan. 2017-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga murabbiy Bahrom Mendiboyev qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda. Yurtdoshimiz yoshlar oʻrtasidagi jahon chempioni, Osiyo chempionatlarining 1 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali sohibi hisoblanadi. Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida shohsupaning ikkinchi pogʻonasidan joy olgan. Joʻrayev 2021-yil Toshkent va 2023-yil Ar Riyod shaharlari mezbonlik qilgan jahon chempionatlarida -109 kg vazn toifasida tengsiz ekanini koʻrsatgan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida esa Olimpiada rekordi bilan chempionlikni rasmiylashtirgan. Ushbu natijalari evaziga “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Joʻrayev Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingi yakuniga koʻra, -102 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.