26 May 2024 893

Ilk bor O’zbekistonda o’tadigan futzal bo’yicha jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlandi

Xabaringiz bor, joriy yilning 14-sentyabr - 6-oktyabr kunlari O’zbekiston futzal bo’yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bugun ko’hna Samarqand shahridagi Registon maydonida musobaqaga qur’a tashlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda FIFA, O’zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo’mitasi, mamlakat futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.

Dastavval, tadbir ishtirokchilariga FIFA prezidenti Janni Infantinoning murojaatnomasi namoyish etildi. So’ng MOQ raisining birinchi o’rinbosari, O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida sport sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida gapirib o’tdi va musobaqaning barcha ishtirokchilariga omad tiladi.

Shundan so’ng qur’a tashlandi va jamoalar o’z guruhlarini bilib olishdi. Unga ko’ra, O’zbekiston terma jamoasi “A” kvartetida Paragvay, Kosta-Rika va Niderlandiya jamoalari bilan bir guruhdan joy oldi. Ochilish o’yini 14-sentyabr kuni O’zbekiston va Niderlandiya jamoalari o’rtasida kechadi. 

Eslatib o’tamiz, jahon chempionatiga Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlari mezbonlik qiladi.

Text to speech