25 May 2024 668

O‘zbekiston va Xitoy aloqalarining sport sohasidagi yangi qirralari muhokama qilindi

Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Jismoniy tarbiya va sport bosh davlat boshqarmasining rahbari (vaziri), Xitoy Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti va Xalqaro ushu federatsiyasi Prezidenti Gao Chjidan xizmat safari bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Bugun O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni sport sohasida yangi bosqichga olib chiqish mavzusiga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Dastavval, mehmonlarni Adham Ikramov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi rahbariyati qarshi oldi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi. Unda XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ham ishtirok etdi.

Samimiy ruhda o‘tgan suhbatda Adham Ikramov Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, olib borilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, Oybek Kasimov Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, bunda Xitoy tajribasidan foydalanishning ijobiy tomonlari hususida gapirib o‘tdi.

O‘z navbatida, Gao Chjidan ham o‘zbekistonlik sportchilarning so‘ngi yillarda erishayotgan ulkan yutuqlari, hususan, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarida kuchli beshlikka kirishi olib borilayotgan islohotlarning natijalari ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Xitoy delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va Oybek Omilovich mehmonlarga Qo‘mita faoliyati, o‘zbekistonlik atletlarning Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki haqida ma’lumot berishdi.

Qayd etish joiz, 2020-yil O‘zbekiston va Xitoy Olimpiya qo‘mitalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. O.Kasimov mazkur memorandumni yangilash va uning bandlarini boyitish borasida o‘z takliflarini ilgari surdi. Janob Chjidan ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlab, Xitoy tomoni mamlakatimiz bilan hamkorlikdan mamnun ekanini bildirdi.

Text to speech