24 May 2024 676

Parij-2024 litsenziatlari: Guruh mashqi dasturida ishtirok etadigan gimnastikachi qizlarimiz

Badiiy gimnastika boʻyicha guruh mashqida sportchilarimiz ketma-ket uchinchi bor yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi. Jamoa murosasiz bahslarda Yaponiya va Qozogʻiston kabi mazkur yoʻnalishdagi kuchli raqobatchilarini ortda qoldirib, Parij-2024 litsenziyasini naqd qildi. Bugun ushbu yoʻnalishda yurtimiz sharafini himoya qiladigan 5 nafar sportchimiz haqida hikoya qilamiz.

Atalyans Evelina Vartanovna 2007-yil 1-iyul kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. Osiyo chempionatlarida 4 tadan oltin va kumush, Jahon kubogi bosqichlarida 1 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan. Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida jamoaviy dasturda oltin medal sohibiga aylangan.

Ibragimova Shahzoda Alisher qizi 2002-yil 24-noyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida dunyoga kelgan. Qitʼa chempionatlarida 6 ta oltin va 5 ta kumush, Jahon kubogi bosqichlarida 3 ta oltin va 5 ta kumush, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga sazovor boʻlgan.

Isʼhoqzoda Mumtozabonu Mirafzal qizi 2005-yil 31-dekabr kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Osiyo chempionatlarida 6 ta oltin va 4 ta kumush, Jahon kubogi bosqichlarida 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlarida 1 ta oltin va 3 ta kumush medal bilan taqdirlangan.

Mamedova Amaliya Parvizovna 2008-yil 29-avgust kuni Samarqand shahrida tugʻilgan. Osiyo chempionatlarida 4 tadan oltin va kumush, Jahon kubogida 1 ta kumush medalni qoʻlga kiritgan.

Sodiqova Irodaxon Ilhom qizi 2007-yil 5-sentyabrda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Osiyo chempionatlarida 3 ta oltin, 5 ta kumush va 1 ta bronza, Jahon kubogi bosqichlarida 1 tadan kumush va bronza medallariga egalik qilgan.

Jamoa tarkibida Amaliya Mamedova 2023-yilda, qolgan barcha gimnastikachilar 2022-yildan terma jamoa tarkibiga jalb qilingan. Hozirda sportchilarimiz Raʼno Muhammedova, Luiza Ganiyeva, Tatyana Sergayeva qoʻli ostida 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga hozirlik koʻrishmoqda.

Qizlarimiz joriy yilning may oyida Toshkentda oʻtgan litsenzion Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritib, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasi sohibiga aylanishdi.

Text to speech