23 May 2024 674

Poytaxtimizda oʻtgan WADA ning xalqaro yigʻilishi yakunlari sarhisob qilindi

Toshkentda Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirliklarining 19-hukumatlararo yigʻilishi oʻz ishini yakunladi. Bugun Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida ikki kunlik xalqaro yigʻilish yakunlariga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda WADA Prezidenti Vitold Banka hamda Oʻzbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov spiker sifatida ishtirok etishdi.

Dastavval, Vitold Banka mamlakatimiz masʼuliyatli tadbirni yuqori saviyada oʻtkaza olgani, delegatlar oʻz faoliyatini olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilganini alohida taʼkidladi. Qolaversa, yigʻilish xulosalari, chiqarilgan asosiy qarorlarning mohiyati borasida maʼlumot berdi. Shuningdek, WADA ning oʻrganishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligining yuqori baho olgani mamlakatimizda mazkur soha katta oʻsishga erishayotganini bildirdi.

Oʻz navbatida, Oybek Kasimov professional sportdagi yutuqlarni oshirishda antidoping sohasining oʻrni, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni izchil yoʻlga qoʻyish orqali soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlish muhimligini taʼkidladi. MOQ Bosh kotibi, ayniqsa, yoʻnalishni kuchaytirish orqali sportchilarimizning sohadagi bilimlarini oshirish asosiy maqsad ekaniga alohida urgʻu berdi.

Tadbir yakunida Sport vaziri Adham Ikramov brifingga qoʻshilib, ikki kunlik yigʻilish boʻyicha oʻz xulosalarini bildirdi. Shuningdek, bugun davlatimiz rahbari qabulida boʻlib, sohadagi yangi rejalarni muhokama qilgani, bunda antidoping yoʻnalishining ham muhim oʻrni borligini bildirdi.

Brifing davomida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan boshqa yoʻnalishdagi savollariga ham atroflicha javob olishdi. Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyiga tashrif davomida Vitold Banka oʻzbek sportining shonli tarixi, atletlarimizning Olimpiya oʻyinlaridagi natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Text to speech