23 May 2024 274

Parij-2024 litsenziatlari: Fransiya maydonlarini yondiradigan futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi

Oʻzbekistonlik “millionlar oʻyini”ning millionlab muxlislari intiqib kutgan gʻalaba joriy yil Qatar yashil maydonlarida oʻtgan U23 Osiyo kubogiga toʻgʻri keldi. Musobaqaning yarim finalida Indoneziya ustidan 2:0 hisobida gʻalaba qozongan futbolchilarimiz yurtimiz uchun tarixiy Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritishdi.

Bungacha oʻtgan har bir Olimpiada siklida futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi hal qiluvchi bosqichda omadsizlikka uchrab, qimmatli yoʻllanmaga erisha olmas edi. Yoʻl qoʻyilgan xatolardan tegishli xulosa chiqarilgan holda 2021-yil Oʻzbekiston MOQ qoshida “Olimpik” futbol klubi tashkil etildi va unda Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok eta oladigan yoshdagi iqtidor egalari jam boʻldi. Klubga bir vaqtning oʻzida olimpiya terma jamoasini boshqarib boradigan Timur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlandi. Olimpiya terma jamoaning asosini aynan “Olimpik” klubi vakillari tashkil etishdi. 2022-yil yurtimizda oʻtgan U23 Osiyo kubogida jamoamiz kumush medalga sazovor boʻldi. Mazkur musobaqada toʻplangan katta tajriba keyinchalik jamoaga qoʻl keldi. Timur Kapadze shogirdlari Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medaliga sazovor boʻlishdi. Bu Osiyo oʻyinlarining futbol dasturida 29-yillik tanaffusdan keyin qoʻlga kiritilgan ilk medal boʻldi.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi joriy yilning 15-aprel – 3-may kunlari Qatrada oʻtgan U23 Osiyo kubogida finalgacha yetib borib, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasiga ega chiqdi. Bu Oʻzbekiston delegatsiyasining jamoaviy sport turlarida Olimpiadaga qoʻlga kiritgan ilk litsenziyasi boʻldi. Musobaqada ishtirok etadigan 18 nafar futbolchi nomi Olimpiya oʻyinlariga yaqin muddatda eʼlon qilinadi.

Text to speech