23 May 2024 712

WADA Prezidenti bilan istiqbolli rejalar muhokama qilindi

Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirliklarining 19-hukumatlararo yigʻilishi doirasida mamlakatimiz rasmiylari va WADA rahbariyati oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda dopingga qarshi kurash boʻyicha oʻzaro hamkorlikka oid qator masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov, Vitold Banka boshchiligidagi WADA mutasaddilari, Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov ishtirok etishdi.

Odil Abduraxmanov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barpo etayotgan Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini sport orqali jahon maydonida namoyish etish, jismoniy tarbiya va sportni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida olib borayotgan ishlari xususida batafsil maʼlumot berdi. Oʻz navbatida Adham Ikramov va Oybek Kasimov atletlarimizning Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarliklari, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlar xususida toʻxtalishdi.

Qayd etish joiz, yurtimiz bunday nufuzdagi yigʻilishni birinchi marotaba qabul qilmoqda va WADA Prezidenti ham ilk bora diyorimizga tashrif buyurmoqda. Vitold Banka oʻzbekistonlik sportchilarning xalqaro maydondagi natijalari ortishi barobarida mazkur soha mutaxassislari ham oʻz tajribalarini orttirib borayotganliklari, hamyurtlarimiz ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotganini maqtov bilan tilga oldi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida tomonlar oʻzbekistonlik xalqaro doping ofitserlarini yanada koʻpaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va kelgusida bu kabi koʻplab xalqaro tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha fikr almashishdi.

Text to speech