21 May 2024 711

O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi asoschisi Nabijon Jo‘rayev 70 yoshda!

Tarixi bir necha asrga borib taqaladigan qadriyatlarimizdan biri uloq-ko‘pkarining hozirgi kunda rivoj topishiga ulkan hissa qo‘shgan insonlardan biri Nabijon Jo‘rayev qutlug‘ 70 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Nabijon Naimovichni qutlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Unda Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, shuningdek, Milliy gvardiya qo‘mondonligi hamda sport federatsiyalar vakillari va ko‘plab faxriylar ishtirok etishdi. 

Tadbirda so‘z olgan rasmiylar N.Jo‘rayevning yurtimiz sporti rivojiga qo‘shgan hissasi, xususan, uloq-ko‘pkari yo‘nalishining taraqqiy etishidagi xizmatlari, hozirgi kunda ham “Tong” faxriylar futbol jamoasida to‘p tepib, yoshlarga o‘rnak bo‘layotgani, ommaviy sport tadbirlarida faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlashdi. Xususan, Sh.Mahmudov yubiley egasiga vazir tabrigini o‘qib eshittirdi. O‘z navbvtida, Sh.Tashmatov va B.Maxsitov Nabijon Jo‘rayevga MOQning esdalik medalini taqdim etishdi. Nabijon Naimovich bildirilgan tilaklar uchun minnatdorchilik izhor etib, bundan keyin ham yurtimiz sporti rivoji uchun xizmat qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Ma’lumot uchun, Jo‘rayev Nabijon Naimovich 1954-yil 18-may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Respublika Olimpiya zaxiralari kollejini tamomlagan. 2001-yil O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyaga asos solib, ko‘p muddat uning rahbari sifatida samarali mehnat qildi. Bugungi kunda ham federatsiyaning faxriy raisi sifatida sohani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Text to speech