Parij-2024 litsenziatlari: Joriy yil 40 yoshni qarshi oladigan Rustam Assakalov
Kurashchilarimiz orasida Rustam Assakalov alohida hurmatga sazovor. Bir necha haftadan soʻng 40 yoshni qarshi oladigan qahramonimiz hamon koʻplab yoshlardan yaxshiroq sport formasida ekanini koʻrsatib, yuqori saviyadagi kurash namoyish etib kelmoqda.
Assakalov Rustam Sxatbiyevich 1984-yil 13-iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Krasnodar oʻlkasida tugʻilgan. 2012-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiylari — Vladimir Xolodayev va Ravshan Roʻziqulov. Assakalov hisobida qitʼa birinchiliklarining 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari mavjud. Soʻnggi uch Osiyo oʻyinlarida 1 tadan oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 2015-yilgi jahon chempionatida kumush, 2019-yilgi dunyo birinchiligida esa bronza medali bilan taqdirlangan. Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi.
Assakalov joriy yilning aprel oyida Qirgʻizistonda oʻtgan Osiyo litsenzion turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali -97 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.