19 May 2024 904

Parij-2024 litsenziatlari: Nurmatov va Safaraliyev ekipaji

Akademik eshkak eshish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev juftligi ham oʻz nomini Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari qatnashchilari orasiga kiritib qoʻyishgan. Osiyo oʻyinlarida shohsupaga koʻtarilgan ushbu atletlarimizdan Fransiyada ham yuqori natija kutamiz.

Nurmatov Shahzod Sunnatillo oʻgʻli 1999-yil 7-aprel kuni Samarqand viloyati Tayloq tumanida dunyoga kelgan. 2016-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Sergey Tyan. Uning hisobida kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionatlarining 2 ta oltin va 1 ta bronza, U23 yosh toifasidagi jahon chempionatining bronza medali mavjud. Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida Safaraliyev bilan juftlikda bronza, M4- dasturida esa kumush medal sohibiga aylangan.

Safaraliyev Sobirjon Husniddin oʻgʻli 2002-yil Samarqand viloyati Nurobod tumanida tugʻilgan. 2018-yildan terma jamoa aʼzosi. Murabbiyi Sergey Tyan. Safaraliyevda Osiyo chempionatlarining 2 tadan kumush va bronza medallari bor. Nurmatov kabi Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida juftlikda bronza, M4- dasturida esa kumush medalni qoʻlga kiritgan. Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi.

Nurmatov va Safaraliyev aprel oyida Janubiy Koreyada oʻtgan qitʼaviy litsenzion turnirdagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.

Text to speech