Kasaba uyushmalari federatsiyasi Tokio-2020 litsenziatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda
O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi yurtimizda Olimpiya harakati va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan tashkilotlardan hisoblanadi. Terma jamoalarimizning yetakchi sportchilari orasida ushbu federatsiya aʼzolarini ham uchratish mumkin. Bugun tashkilot Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan sportchilari va jahon arenalarida ulkan yutuqqa erishgan boshqa atletlarini qutladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, sport faxriylari, keng jamoatchilik vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida so‘z olgan mutasaddi rahbarlar Prezident va hukumatimiz tomonidan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xususida to‘xtalib o‘tishdi.
“Hozirgi paytda sportchilarimizga qaratilayotgan eʼtibor har qachongidan ham yuqori. Atletlarimiz har qadamda Prezidentimizning g‘amxo‘rligini his qilishmoqda. Hukumatimiz tomonidan berilayotgan bunday eʼtibor va motivatsiya Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida o‘z mevasini berishiga ishonamiz”, – dedi O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov.
Tadbirda Qudratilla Rafikov atletlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning mashg‘ulot olib borishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanini bildirib o‘tdi. Shuningdek, Kasaba uyushmalari federatsiyasi Tokio-2020 Olimpiadasida chempion bo‘lgan atletlariga o‘z hisobidan uy sovg‘a qilinishini, sovrindorlar esa mashina bilan mukofotlanishini taʼkidladi. Shubhasiz, bunday motivatsiya sportchilarimizni yangi g‘alabalar sari undaydi.
Tadbirda Kasaba uyushmalari tarkibida bo‘lgan Tokio-2020 litsenziatlari, jumladan, og‘ir atletikachilar Akbar Jo‘rayev, Muattar Nabiyeva va Kumushxon Fayzullayeva, yengil atletikachi Suhrob Xo‘jayev, akademik eshkak eshuvchi Sobir Safaraliyev Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 10 million so‘mdan, ularning murabbiylari esa 5 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanishdi. O‘z navbatida, yirik xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olgan Muhammadqodir Toshtemirovga ham munosib eʼtibor ko‘rsatildi.
O‘z navbatida, atletlarimiz muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning bunday eʼtiboridan xursand ekanliklarini bildirib, kelajakda Yangi O‘zbekiston uchun yangi g‘alabalar taqdim qilishga vaʼda berishdi.