Chavandozlarimiz Bishkekdagi Millatlar kubogining 3-bosqichida muvaffaqiyatli start olishdi
Ayni kunlarda Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida konkur va ot yoʻrttirish boʻyicha Yevrosiyo ligasi Millatlar kubogining navbatdagi bosqich bellashuvlari boʻlib oʻtmoqda. Jahon kubogining finaliga saralash vazifasini oʻtab berayotgan mazkur musobaqada Oʻzbekiston terma jamoasi ham ishtirok etyapti.
Ortda qolgan kun hamyurtlarimiz uchun muvaffaqiyatli kechib, chavandozlarimiz 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Konkur bahslaridagi har ikkala oltin medalni terma jamoa yetakchilaridan biri Bekzod Qurbonov 120 va 140 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash dasturida mos ravishda “Santos Hippica” va “Matts” laqabli tulporlarda qoʻlga kiritdi. Kumush medalga yana bir konkurchimiz Xurshid Alimjonov “Champions League” otida 140 smli dasturda ega chiqqan boʻlsa, ot yoʻrttirishda Alena Derevyanko “Red Daymond” tulpori bilan kyur yoʻnalishida bronza medali sohibiga aylandi.