14 Iyun 2021 2021

O‘zbekiston va Misr zamonaviy beshkurash federatsiyalari hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdi

O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi hamkorlik geografiyasini kengaytirib bormoqda. Federatsiya bu gal Misr zamonaviy beshkurash federatsiyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi.

8-13 iyun kunlari Misr poytaxti ushbu sport turi bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Musobaqa doirasida O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev Misr zamonaviy beshkurash federatsiyasi rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi.

Misr Olimpiya qo‘mitasida o‘tgan tadbirda Xalqaro zamonaviy beshkurash Ittifoqi prezidenti, doktor Klaus Shormann va tashkilot vitse-prezidenti, Butunjahon Olimpiyachilar assotsiatsiyasi rahbari, Monako shahzodasi Albert II ning sport bo‘yicha maslahatchisi Joyel Buzu ishtirok etishdi. Kelishuvga ko‘ra tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda birgalikda faoliyat olib borishadi:

– oliy sport mahorati;
– ommaviy sport tadbirlari;
– sport ilmi va tibbiyoti;
– sport inshootlari;
– sportda dopingga qarshi kurashish;
– sport menejmenti.

Shuni taʼkidlash kerakki, Firʼavnlar yurti zamonaviy beshkurash bo‘yicha so‘nggi yillarda jadal rivojlanishga erishdi va bugungi kunda mamlakat terma jamoasi dunyodagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. So‘nggi jahon chempionatida ham ushbu jamoa 2 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik har ikki mamlakat sportini yana-da rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi.

Text to speech