Parij-2024 litsenziatlari: Boʻstonliq oʻgʻloni Shaxriyor Mahkamov
Boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan atletlarimizni tanishtirishda davom etamiz. Bugun baydarkada eshkak eshish bahslarida ishtirok etadigan atletimiz Shaxriyor Mahkamov bilan yaqindan tanishamiz.
Mahkamov Shaxriyor Yodgor oʻgʻli 1997-yil 17-fevral kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida tavallud topgan. 2015-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Akbar Samejonov. Mahkamov shu paytgacha qitʼaviy miqyosda oʻtgan turli musobaqalarda muntazam shohsupadan joy olib kelgan. Jumladan, uning hisobida Osiyo chempionatlarining 2 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali mavjud. 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida bronza, Xanchjou-2022 da esa kumush medal bilan taqdirlangan.
Mahkamov aprel oyida Yaponiyada oʻtgan Osiyo litsenzion turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali baydarkada eshish boʻyicha yakkalik dasturida Parij-2024 yoʻllanmasiga sazovor boʻlgan.