Yunon-rum kurashchilarimizdan yana to‘rt medal
Polshada sport kurashlari bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘z yakuniga yetdi. Turnirning so‘nggi kunida yana 4 nafar polvonimiz shohsupaga ko‘tarildi.
-63 kg vazn toifasida kurashgan Islomjon Bahromov barcha raqiblarini mag‘lub etib, turnir chempioniga aylandi. Qiziqarli kechgan hal qiluvchi bellashuvda yurtdoshimiz yaponiyalik Ayata Suzukini 5:3 hisobida dog‘da qoldirdi. Yana bir polvonimiz Mirzobek Rahmatov -72 kg vazn toifasida finalga yetib bordi. Afsuski, oltin medal yo‘lida kechgan bahsda vakilimiz polshalik Gevorg Saxakyanga imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, Tokio-2020 litsenziati Rustam Assakalov (-87 kg) va Muhammadqodir Yusupov (-60 kg) bronza medali bilan taqdirlanishdi.
Shu tariqa, musobaqani yunon-rum kurashchilarimiz 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza, erkin kurashchilarimiz esa 1 tadan oltin, kumush va bronza medallari bilan yakunlashdi.