16 May 2024 1100

O‘zbekistonda ilk bor o‘tadigan triatlon bo‘yicha Jahon kubogiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi

18-19-may kunlari ro‘yi zamin sayqali Samarqand triatlon va para-triatlon bo‘yicha Jahon kubogiga mezbonlik qiladi. Bugun ko‘hna shaharda yurtimizda ilk bor o‘tkaziladigan bunday nufuzli musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Xalqaro triatlon ittifoqi mutasaddilari, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi rahbariyati, musobaqada ishtirok etadigan taniqli atletlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Adham Ikramov Prezidentimizning sportga qaratayotgan katta eʼtibor va g‘amxo‘rligi bilan so‘nggi yillarda barcha yo‘nalishlar qatori triatlon ham ulkan o‘sishga erishayotgani, terma jamoa uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgani, yurtimizda yirik musobaqalarni o‘tkazish orqali ushbu sport ommaviyligi oshirilayotgani haqida to‘xtaldi. O‘z navbatida, xalqaro mutaxassislar O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bir necha yil avval tashkil topganiga qaramasdan juda katta o‘sishga erishganini alohida taʼkidlashdi.

Ekspertlar mamlakatimizning so‘nggi yillarda Osiyo kubogi va boshqa turli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazgani Jahon kubogidek masʼuliyatli start O‘zbekistonga ishonib topshirilganiga asos bo‘lganini bildirishdi. Shuningdek, trassa qadimiy obidalarga yaqin hududda tashkil etilgani xorijlik mehmonlarning yana-da katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Anjuman davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob olishdi.

Musobaqada jahon elitasidagi 100 nafar kuchli atlet ishtirok etadi. Ular orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlarini uchratish mumkin. Dasturga ko‘ra, bahslar Olimpiya masofasida o‘tib, sportchilar 1.5 km suzish, 40 km velopoyga va 10 km yugurish bo‘yicha raqobatlashadilar.

Text to speech