16 May 2024 881

Parij-2024 litsenziatlari: Bo‘zsuvdan Parij kanallari sari suzayotgan Nilufar Zokirova

Toshkent shahridagi Bo‘zsuv kanalida katta sportga qadam qo‘ygan Nilufar Zokirova faoliyatida ikkinchi bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Parij-2024 Olimpiadasida Zokirova nafaqat o‘zi, balki terma jamoadagi boshqa kanoechilarimiz uchun ham munosib ishtirok etishga harakat qiladi. Boisi faqat u ushbu yo‘nalishda 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga yo‘llanma olgan yagona sportchimiz bo‘ldi.

Zokirova Nilufar Obidjon qizi 1997-yil 15-iyun kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 2014-yildan kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzosi. Hozirda Vyacheslav Sergeyev qo‘l ostida shug‘ullanmoqda . Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha yakkalik va juftlik bahslarida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Ilgari taniqli sportchilarimizdan biri Dilnoza Rahmatova bilan U18 va U23 yoshlar toifasida bir necha bor jahon chempioni va sovrindori bo‘lgan. 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida Zokirova / Rahmatova tandemi kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu juftlik Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham yurtimiz sharafini himoya qilgan. Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida esa qahramonimiz Shohsanam Sherzodova bilan bronza medaliga ega chiqqan.

Zokirova aprel oyida Yaponiyada o‘tgan Osiyo litsenzion turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali kanoeda eshish bo‘yicha yakkalik dasturida Parij-2024 yo‘llanmasiga sazovor bo‘lgan.

Text to speech