15 May 2024 434

WADA Prezidenti birinchi bor Oʻzbekistonga kelmoqda

Joriy yilning 22-23-may kunlari Toshkentda Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning Osiyo va Okeaniya mamlakatlari sport vazirliklarining 19-hukumatlararo yigʻilishi boʻlib oʻtadi. 34 mamlakatdan delegatlar qatnashadigan ushbu nufuzli tadbirga WADA Prezidenti Vitold Banka va boshqa koʻplab faxriy mehmonlar tashrif buyuradi. Bugun Sport vazirligida mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov, shuningdek, masʼul tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, WADA oʻz faoliyatini boshlaganidan beri beri ushbu tashkilotning hech bir rahbari mamlakatimizga tashrif buyurmagan edi. Shu bois, Adham Ikramov boʻlajak tadbirni yuqori saviyada oʻtkazish ne chogʻlik muhim ekanini taʼkidlab, masʼullarga uni munosib tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.

Uchrashuvda xalqaro tadbirning kun tartibidan oʻrin olgan masalalar muhokama qilinib, sohada yanada ildam qadamlarni tashlash maqsadida xalqaro ekspertlar, martabali mehmonlar bilan rasmiy uchrashuvlar tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Text to speech