13 Iyun 2021 2099

Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i O‘zbekistonga topshirildi

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetib bormoqda. Bugun musobaqaning so‘nggi kuni final dasturi oldidan jahon chempionati mezbonligini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Vengriya dzyudo federatsiyasi prezidenti Laslo Tos ishtirok etishdi. Tadbirda musobaqa mezbonligini anglatuvchi IJF bayrog‘ini mezbon tomon Marius Vizerga topshirdi. O‘z navbatida, IJF rahbari bayroqni jahon chempionatining keyingi mezboni – O‘zbekiston tomoniga taqdim qildi. Bayroqni Azizjon Kamilov qabul qilib olar ekan, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan kelgusi dunyo birinchiligini Toshkent yuqori saviyada tashkil etishini taʼkidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, dzyudo bo‘yicha kelgusi jahon chempionatiga 2022-yil poytaxtimiz Toshkent shahri mezbonlik qiladi. Bu mamlakatimiz uchun ushbu sport turida o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi ilk dunyo birinchiligi sifatida tarixda qoladi. Musobaqa sanalari keyinchalik rasman maʼlum qilinadi.

Text to speech