12 May 2024 935

OOKning 43-Bosh Assambleyasi hamkorlik va doʻstona aloqalarni mustahkamlash yoʻlida ulkan platformaga aylandi

Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 43-Bosh Assambleyasi oʻz ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Assambleya doirasida OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimovdan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuvlarda qatnashib, mintaqadagi hamkorlar bilan istiqbolli loyihalar, yangi rejalar xususida fikr almashdi.

Bir necha kun muqaddam OOKning rasmiy hamkori “Bornan Sports Technology” kompaniyasi mutasaddilari poytaxtimizga tashrif buyurib, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik boʻyicha qator masalalarni muhokama qilib ketgan edi. Safar davomida “Bornan Sports Technology” hamda Oʻyinlar tashkilotchiligi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi yana bir kompaniya “Atom Consulting Local Committee” rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda tomonlar hamkorlikning keyingi qadamlari xususida fikr almashishdi. Mazkur xorijiy kompaniyalarning mutasaddilari yurtimizda oʻtadigan musobaqani yuqori saviyada tashkil etishga hissa qoʻshishdan mamnun boʻlishini bildirdilar.

Yana bir uchrashuv Saudiya Arabistoni shahzodasi Fahad bin Jalavi bin Abdul Aziz Al Saud bilan tashkil etildi. Qayd etish joiz, 2022-yil may oyida Toshkentda oʻtgan OOK Ijroiya qoʻmitasi doirasida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Milliy Olimpiya qoʻmitalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Uchrashuvda ushbu kelishuvni yanada kuchaytirish va takomillashtirish borasida soʻz bordi. Hamkorlik memorandumida yirik musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishda har ikki terma jamoa sportchilari ishtirokida qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish koʻzda tutilgan edi. Xususan, taekvondo WT boʻyicha Saudiya Arabistoni jamoasi joriy hafta Toshkentdagi xalqaro yigʻinda qatnashdi.

Shahzoda Fahad bin Jalavi bin Abdul Aziz Al Saud Saudiya Arabistoni triatlon va tuyalar federatsiyalarining rahbari hisoblanadi. Otabek Umarov Saudiya Arabistoni shahzodasini joriy yilning 18-19-may kunlari Samarqandda oʻtadigan triatlon boʻyicha Jahon kubogi bosqichining faxriy mehmonlari qatorida koʻrishdan mamnun boʻlishini bildirdi. Oʻz oʻrnida janob Fahad bin Jalavi bin Abdul Aziz Al Saud OOK vitse-prezidentiga Oʻzbekistonda ikki oʻrkachli tuyalar keng tarqalganidan kelib chiqib, mamlakatimizda tuyalar sportiga asos solish taklifini ilgari surdi.

Safar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Iordaniya va Kambodja Olimpiya qoʻmitalarining mutasaddilari bilan ham uchrashlar tashkil etildi. Unda tomonlar davlatlar oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni sport orqali yangi bosqichga koʻtarish, sohadagi soʻnggi yutuqlar borasida tajriba almashish kabi yoʻnalishlarda suhbatlashishdi.

Text to speech