13 Iyun 2021 1894

Dzyudochilarimiz ilk bor jahon chempionatining aralash jamoaviy yo‘nalishida sovrindor bo‘lishdi!

Budapesht shahrida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetib bormoqda. Biroz avval terma jamoamiz aralash jamoaviy yo‘nalishda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Vakillarimiz musobaqani mezbonlarga qarshi boshlab, 4:2 hisobida g‘alabaga erishishdi. Chorak finalda Braziliya termasi 4:0 hisobida dog‘da qoldirildi. Fransuzlarga qarshi kechgan yarim finalda dzyudochilarimizdan omad yuz o‘girgan bo‘lsa, bronza medali uchun kechgan kurashda jamoamiz matonat ko‘rsatdi. Janubiy Koreya termasiga qarshi kechgan bahs 4:1 hisobida yakunlandi.

Shu tariqa terma jamoamiz ushbu jahon chempionatini yakkalik yo‘nalishida qo‘lga kiritilgan 1 ta kumush va aralash jamoa yo‘nalishida bronza medali bilan yakunladi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasini, muxlislarimizni terma jamoamizning ushbu jahon chempionatidagi munosib ishtiroki bilan samimiy qutlab qoladi.

Text to speech