11 May 2024 822

Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari haqidagi taqdimot qitʼadoshlarimiz tomonidan iliq qabul qilindi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 43-Bosh Assambleyasi oʻtkazilayotgani haqida maʼlum qilgan edik. Marosimning kirish qismidan soʻng kun tartibiga muvofiq asosiy masalalar koʻrib chiqildi. Unga koʻra, OOK konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar muhokama qilinib, tasdiqlash uchun ovozga qoʻyildi.

Tadbirda Oʻzbekiston nomidan OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi. Qayd etish joiz, OOK konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish ishlari ancha avval boshlangan boʻlib, bu boʻyicha tuzilgan komissiyaga Markaziy Osiyo mintaqasidan Oybek Omilovich jalb qilingan edi. Yakunda konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgarishlar barcha Milliy Olimpiya qoʻmitalari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Shundan soʻng yaqinlashib kelayotgan kompleks musobaqalarga tayyorgarlik boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi. Unda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Dastavval, Otabek Muhammadaliyevich soʻz olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan oʻzlari ushbu loyihaga bosh-qosh boʻlayotganlari, hukumatning yordami bilan katta hajmda tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani xususida gapirdi. Shundan soʻng Oʻzbekistonning yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qila oladigan salohiyatini har tomonlama koʻrsatib beruvchi rolik namoyish etildi. Taqdimotda Oybek Omilovich Oʻyinlar haqida umumiy maʼlumot berdi. Unda musobaqa oʻtishi koʻzda tutilgan sanalar, sport turlari, bellashuvlarga mezbonlik qiladigan shaharlar va obyektlar, mehmonlarga yaratiladigan qulayliklar, transport va logistika tizimi kabi yoʻnalishlar boʻyicha atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Taqdimot qitʼadoshlarimiz tomonidan iliq qabul qilindi.

Bosh Assambleya davomida joriy yil Tailandning Bangkok va Chonburi shaharlarida oʻtishi kutilayotgan Jang sanʼati va yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlari, Xarbin-2025 qishki Osiyo oʻyinlari, Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo oʻyinlari boʻyicha ham taqdimotlar oʻtkazildi. Shuning bilan OOKning 43-Bosh Assambleyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech