11 May 2024 963

Parij-2024 litsenziatlari: Qoraqalpoq goʻzali Zaynab Dayibekova

Zamonaviy oʻzbek qilichbozligi haqida gap ketganida koʻpchilik birinchi boʻlib Zaynab Dayibekovani tilga oladi. Qoraqalpogʻistonlik hamyurtimizning soʻnggi yillarda erishgan yutuqlari ushbu sport turida mamlakatimizda yangi uygʻonish davri boshlanganini koʻrsatadi.

Dayibekova Zaynab Kazbekovna 2002-yil 19-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan. 2016-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi hisoblanadi. Birinchi murabbiyi Dauirbek Jiermuratov. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga uch karra Olimpiada chempioni Vladimir Nazlimov qoʻl ostida tayyorgarlik koʻrmoqda. Dayibekova yoshlar oʻrtasidagi Jahon kubogi bosqichlarida 3 bor oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2022-yil yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatida shohsupaning uchinchi pogʻonasiga koʻtarilgan. Kattalar toifasida Jahon kubogida esa bitta bronza medaliga ega chiqqan. 2023-yil Xitoyning Usi shahrida oʻtgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor boʻldi. Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida 1 ta oltin va 1 ta bronza medallari bilan taqdirlangan. Koʻrsatgan natijalari evaziga “Shuhrat” va “Jasorat” medallari, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Dayibekova Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan Olimpiada reytingiga koʻra sablya dasturida Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasiga sazovor boʻldi.

Text to speech