10 May 2024 689

Qozogʻiston MOQning yangi rahbariyati bilan uchrashuv tashkil qilindi

Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) vitse-prezidenti Otabek Umarov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi OOK Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun Bangkok shahriga yetib borgani haqida maʼlum qilgan edik. Tadbir arafasida rasmiylar bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ulardan biri Qozogʻiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Gennadiy Golovkin bilan oʻtkazildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Qozogʻiston Milliy Olimpiya qoʻmitalarining Bosh kotiblari Oybek Kasimov hamda Janar Uteshova ham qatnashishdi.

Qayd etish joiz, jahon boksida ulkan shuhrat qozongan G.Golovkin joriy yilning 26-fevral sanasida Qozogʻiston MOQ prezidenti etib saylangan edi. Ortda qolgan vaqt mobaynida u salmoqli loyihalarga qoʻl urishni boshladi. Tomonlar suhbat davomida ikki qardosh xalqning munosabatlari sport orqali yanada mustahkamlanib borayotgani, xususan, koʻplab terma jamoalarimiz yirik startlarga tayyorgarlik jarayonida qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazayotganini mamnuniyat bilan tilga olishdi.

Gennadiy Gennadyevich OOK vitse-prezidentini futbol boʻyicha Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgani bilan qutlab, jamoamizga boʻlajak musobaqada ham omad tiladi. Oʻz oʻrnida, Otabek Umarov G.Golovkinni yangi lavozimga saylangani bilan muborakbod etib, rahbarlik sohasida ham ulkan muvaffaqiyatlarga erishishini tiladi. Shuningdek, uni oʻziga qulay vaqtda Oʻzbekistonga taklif etdi va hamkorlikda ishlashdan mamnun boʻlishini bildirdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Tailanddagi rasmiy tashrifi davom etadi.

Text to speech