10 May 2024 811

Otabek Umarov OOK mutasaddilari bilan hamkorlikning yangi bosqichlarini muhokama qildi

11-may kuni Tailandning Bangkok shahrida Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) 43-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtadi. Unda ishtirok etadigan OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ayni paytda Bangkok shahriga yetib borgan va rasmiylar bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan dastlabkisi OOKning amaldagi rahbari Raja Singx va OOK Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam bilan oʻtkazildi.

Samimiy ruhda kechgan suhbatda Otabek Umarovga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamrohlik qildi. Dastavval, Otabek Muhammadaliyevich mamlakatimizda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga olib borilayotgan katta hajmdagi tayyorgarlik haqida umumiy maʼlumot berdi. OOK mutasaddilari Oʻzbekiston boʻlajak musobaqani yuqori saviyada oʻtkaza olishiga ishonishini, bir necha kun muqaddam Toshkentda boʻlib qaytgan Ishchi guruh jarayonni yuqori baholaganini maʼlum qildi.

Shuningdek, Husayn Al Musallam bilan yurtimizda suv sporti turlari rivojini yangi bosqichga olib chiqish, mahalliy murabbiy va hakamlar uchun taniqli ekspertlar ishtirokida koʻproq seminarlar tashkil etish kabi mavzular koʻrib chiqildi. Suhbatda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun qurilayotgan zamonaviy suv sporti havzasi va keyinchalik undan samarali foydalanish masalasi ham oʻrin oldi. World aquatics rahbari mavzu yuzasidan oʻzining kerakli tavsiyalarini berib, bu borada Oʻzbekistonni hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Suhbatda ertaga boʻlib oʻtadigan Bosh Assambleyaga doir masalalar ham koʻrib chiqildi. Rejaga koʻra, bugun Qozogʻiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Gennadiy Golovkin bilan ham uchrashuv boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

Text to speech