8 May 2024 1435

Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasiga yangi rais saylandi

Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda terma jamoaning Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi koʻrib chiqilib, federatsiya boshqaruviga yangi rais saylandi.

Tadbirda Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, mamlakat yengil atletika federatsiyasi mutasaddilari va Ijroiya qoʻmita aʼzolari ishtirok etishdi.

Dastavval, federatsiya Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov Oʻzbekiston terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligi yuzasidan hisobot berdi. Shundan soʻng kun tartibidagi asosiy masalalar koʻrib chiqildi.

Unda federatsiya raisi lavozimida ishlab kelgan Mehriddin Abdullayevning oʻz xohishiga koʻra lavozimini tark etishi haqida yozgan arizasi ishtirokchilar tomonidan qanoatlantirildi. Shundan soʻng Ijroiya qoʻmita tavsiyasiga binoan federatsiya rahbarligiga “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Sidiqov Bahodir Bahromovich nomzodi ilgari surildi.

Oybek Omilovich nomzod haqida oʻz fikrlarini bildirar ekan, uning sportsevar inson sifatida yaxshi nom qozongani, ommaviy sport va sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash masalasida jonbozlik koʻrsatib kelayotgani va kelgusida yurtimizda yengil atletika rivojini yangi bosqichga koʻtara olishiga shubha qilmasligini bildirdi. Delegatlar nomzodni bir ovozdan maʼqullashdi va Bahodir Sidiqov Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.

Soʻz olgan B.Sidiqov masʼuliyatli vazifani bajarishga kirishar ekan, bildirilgan ishonchni oqlashga, yaqinlashib kelayotgan Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida terma jamoamiz atletlarining munosib tayyorgarlik koʻrishi va ishtirok etishi uchun bor kuch-gʻayratini ishga solishga vaʼda berdi. Oʻz navbatida, Shahrullo Mahmudov hamda Bahodir Maxsitov Bahodir Bahromovichni yangi faoliyatida ham omad tilab, hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Shuning bilan, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi oʻz ishini yakunladi.

Text to speech