Olimpiya oʻyinlari oldidan sport shifokorlari oʻz bilimlarini oshirishmoqda
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari tobora yaqinlashib kelmoqda. Unga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish barcha terma jamoalar oldida turgan eng asosiy vazifa hisoblanadi. Xususan, antidoping yoʻnalishida ham. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur mavzu yuzasidan soha masʼullari ishtirokida ikki kunlik seminar boshlandi.
Unda Abdushukur Sadikov boshchiligidagi Milliy Antidoping agentligi vakillari, terma jamoalarda faoliyat olib borayotgan shifokorlar va masʼullar ishtirok etishmoqda. Uchrashuvda seminar ishtirokchilari uchun mavzuning ahamiyati, Butunjahon antidoping agentligi tomonidan soʻnggi bor yangilangan yoʻriqnoma va dori vositalarining roʻyxati haqida qoʻshimcha maʼlumot berib oʻtildi.
Baʼzi terma jamoalarda sportchilarning sohadagi bilimlari yetishmasligini inobatga olgan holda, ular uchun ham seminarlar tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi. Tadbir davomida ADAMS platformasidan toʻgʻri foydalanish, doping sinamalarini topshirish jarayonida sportchilarning huquq va majburiyatlari, yaqindagina ishga tushirilgan “Sportda taqiqlangan dori vositalarini tekshirish milliy platformasi” va “Sportchilar uchun antidoping taʼlim elektron platformasi” boʻyicha maʼlumotlar beriladi.
Suhbat davomida hamyurtlarimiz orasida jahon chempionati va Olimpiya oʻyinlari kabi yirik musobaqalarda muntazam ishlab kelayotgan tajribali shifokorlar yosh hamkasblari bilan oʻz bilimlarini ulashishmoqda.