Parij-2024 litsenziatlari: Jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev
Farg‘ona boksining yorqin vakillaridan biri, jahon chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida -71 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Sezib turganingizdek, bugun aynan ushbu bokschimiz haqida so‘z boradi.
Mo‘ydinxo‘jayev Asadxo‘ja Zohidxo‘ja o‘g‘li 2001-yil 8-may kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida tug‘ilgan. 2015-yildan dastlab o‘smirlar va yoshlar, hozirda kattalar toifasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Birinchi murabbiyi Husanboy Qo‘chqorov. Ayni paytda To‘lqin Qilichev qo‘l ostida shug‘ullanmoqda. Mo‘ydinxo‘jayev 2022-yil Iordaniya mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida bronza medali sohibiga aylandi. 1 yil o‘tib Toshkentda tashkil etilgan jahon chempionatida kubalik 2 karra Olimpiada chempioni Roniel Iglesias, qozog‘istonlik Dulat Bekbauov kabi nomdor raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Qahramonimiz “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Mo‘ydinxo‘jayev joriy yilning 3-11-mart kunlari Italiyada o‘tgan jahon litsenzion turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki orqali -71 kg vazn toifasida Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi.