3 May 2024 881

Parij-2024 litsenziatlari: Suvga sakrash dasturida ilk yo‘llanmani taqdim etgan Igor Myalin

Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi suvga sakrash dasturida debyut qiladi. Hamyurtimiz Igor Myalin ushbu yo‘nalishda mamlakatimiz tarixida tarixiy birinchi litsenziyaga egalik qilgan.

Myalin Igor Andreyevich 1996 yil 17 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Penza shahrida tug‘ilgan. 2023 yildan O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Murabbiyi Eduard Feoktistov. Ortda qolgan vaqt davomida Myalin 7 ta turli darajadagi xalqaro musobaqada yurtimiz sharafini himoya qildi. Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida 10 metrli platformadan sakrash bo‘yicha yakkalik, 3 metrli tramplindan sakrash dasturining juftlik yo‘nalishlarida, shuningdek, Germaniyada o‘tgan Jahon kubogida final bosqichida ishtirok etgan. 2023 yil Malayziyada o‘tgan xalqaro turnirda 2 ta oltin va 1 ta bronza medallari bilan taqdirlangan.

Joriy yilning fevral oyida Qatarning Doxa shahrida o‘tgan jahon chempionatida final bosqichiga yo‘l olish orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritgan.

Text to speech