1 May 2024 2137

“Procter & Gamble” kompaniyasi O‘zbekiston MOQning yangi hamkoriga aylandi

Shaxsiy gigiyena vositalarini ishlab chiqaruvchi dunyoga mashhur “Procter & Gamble” (P&G) shirkati O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining hamkorlaridan biriga aylandi. Bugun har ikki tashkilot o‘rtasida memorandum imzolandi.

Tadbirda “Procter & Gamble” kompaniyasining Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta vitse-prezidenti Tankut Turnaoglu hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, sportchi va murabbiylar, har ikki tashkilot vakillari ishtirok etishdi.

Dastavval, Tankut Turnaoglu O‘zbekiston MOQ bilan hamkorlik orqali mamlakatimizda Olimpiya harakati targ‘ibotini kuchaytirishga yordam berishdan mamnun ekanini bildirdi. Shuningdek, u futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan qutlab, kompaniya kelgusida sport yo‘nalishida yana-da katta loyihalarda ishtirok etishni maqsad qilganini taʼkidladi.

O‘z navbatida, MOQ Bosh kotibi futbol va xokkey jamoalarimizning erishgan so‘nggi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda jamoaviy sport turlarining rivoji yangi bosqichga chiqayotgani maʼlum qildi. Qolaversa, Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan yaqinlashib kelayotgan Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga katta hajmda tayyorgarlik olib borilayotganini qo‘shimcha qildi. Oybek Omilovich P&G Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining yaqin hamkorlaridan biri ekani ushbu kelishuvning amalga oshishiga turtki bo‘lganini bildirdi.

Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandumni imzoladilar.

Maʼlumot uchun, P&G 1837-yil AQSHda asos solingan kompaniya hisoblanadi. Shirkat 40 ga yaqin taniqli shaxsiy gigiyena brendlarini o‘zida jamlagan. 2010-yildan butun dunyoda Olimpizm g‘oyalarini targ‘ib qilishda XOQning hamkorlaridan hisoblanadi. Memorandumga muvofiq, tashkilot mamlakatimizda ham Olimpiya harakatini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadi.

Text to speech