1 May 2024 683

Adham Ikramov Olimpiya shaharchasini qurayotgan “China CAMC Engineering” kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi

Ayni kunlarda “China CAMC Engineering” kompaniyasi raisi Van Bo Toshkentda amaliy tashrif bilan mehmon boʻlib turibdi. Bugun xitoylik ishbilarmon bilan Sport vazirligida uchrashuv oʻtkazildi. Unda Vazir Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Ilzat Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etishdi. Suhbatda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlari uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida jarayon qay tarzda olib borilayotgani kun tartibidagi asosiy mavzu boʻldi.

Maʼlumki, ulkan loyihaning qurilishi aynan ushbu shirkat tomonidan amalga oshirilmoqda. Janob Bo 2023-yilning 18-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda aytganidek, jarayon reja asosida ketayotgani, Xitoy tomoni poytaxtimizda qad rostlayotgan shaharcha uchun katta eʼtibor qaratayotgani haqida gapirdi. Shuningdek, u Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi loyihasini qoʻlga kiritish kompaniya uchun faxr ekanini qoʻshimcha qildi.

Adham Ikramov davlatimiz tomonidan boʻlajak Oʻyinlarga katta tayyorgarlik olib borilayotgani, uni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini bildirdi. Qolaversa, shaharcha hududini kengaytirish, hamkorlikdagi kelgusi rejalar boʻyicha fikrlarini bildirdi. Samimiy ruhda oʻtgan suhbat davomida Oybek Kasimov ish samaradorligini oshirish boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi.

Text to speech