Badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
Bugun Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining to‘rtinchi bosqichi start oldi. Musobaqaning kechki dasturi davomida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek, Xalqaro gimnastika federatsiyasi rasmiylari va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Marosimda so‘z olgan rasmiylar Toshkent anʼanaviy tarzda Jahon kubogi bosqichlarini muvaffaqiyatli o‘tkazib kelayotgani, bu orqali Xalqaro gimnastika federatsiyaning ishonchli hamkorlaridan biriga aylanganini taʼkidlashdi. Shundan so‘ng tadbirning badiiy qismi bilan marosim davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, 28-aprelga qadar davom etadigan bu yilgi bahslarda dunyoning 34 mamlakatidan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda. Bugun yakkalik va guruh mashqlari dasturlarida saralash bahslari o‘tkazildi. Ertadan medallar uchun bellashuvlar boshlanadi.