Toshkent-2025: OOK delegatlari bilan tashkiliy masalalar koʻrilmoqda
Ayni kunlarda Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashining (OOK) bir qator departamenti mutaxassislari hamda tashkilotning rasmiy hamkori boʻlmish “Bornan Technology”vakillari poytaxtimizda mehmon boʻlib turishibdi. Tashrifdan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarlikni raqamli texnologiyalar yoʻnalishida muhokama qilish, mavjud muammo va kamchiliklarni oʻrganish koʻzlangan.
Dastlab Milliy Olimpiya qoʻmitasida delegatlar va ishchi guruh aʼzolari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi. Unda Oybek Kasimov boshchiligidagi MOQ jamoasi, Sport vazirligi masʼullari hamda OOK vakillari qatnashdi. Mehmonlarga musobaqaga koʻrilayotgan tayyorgarlik, Oʻyinlar dasturidan oʻrin olishi kutilayotgan sport turlari, bahslarga mezbonlik qiladigan arenalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Oybek Omilovich suhbat davomida katta koʻlamda olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni, shuningdek, ulkan bunyodkorlik loyihasining davlat tomonidan har jihatdan qoʻllab-quvvatlanilayotgani xususida toʻxtaldi.
Tashrif davomida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Uztelecom” AJ mutaxassislari ishtirokida ham yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda OOK tomoni xalqaro standartlar asosida qoʻyiladigan talablar, xususan, musobaqa va mehmonlar yashaydigan joylar, OAV uchun ajratilgan hududlar, hakamlar va hisob yurituvchi tizimlarni uzliksiz katta tezlikdagi internet bilan taʼminlash, wi-fi zonalarini tashkil etish, Oʻyinlar translyatsiyasini sunʼiy yoʻldosh orqali koinotga uzatishda kerak boʻladigan texnik vositalar borasida maʼlumot berdi. Yigʻilish davomida tomonlar ishlarni lozim darajada yoʻlga qoʻyish, mavjud masalalarni birgalikda hal qilish borasida kelishib olishdi.
OOK delegatlari safar doirasida poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasini ham bevosita koʻzdan kechirishdi. MOQ Bosh kotibi mehmonlarni Oʻyinlarning asosiy klasteri bilan tanishtirar ekan, majmua barcha xalqaro standartlarga javob berishi, sport arenalariga eng zamonaviy qoplamalar toʻshalishi xususida gapirib oʻtdi. Mazkur uchrashuvda OʻzMTRK “Sport” telekanali direktori Zohid Karimov ham ishtirok etdi. Unda tomonlar musobaqa translyatsiyaga oid texnik parametrlar xususida fikr almashdilar.
Bugun mehmonlar Sport vaziri Adham Ikramov qabulida boʻlishi, shuningdek, Toshkentda start olgan badiiy gimnastika boʻyicha Jahon kubogining ochilish marosimida ishtirok etish orqali Oʻyinlarni qabul qilishi koʻzda tutilgan majmua bilan tanishishi rejalashtirilgan.