Timur Kapadze: “Barchasi ertaga maydonda hal bo’ladi”
Maʼlumki, Qatar yashil maydonlarida oʻtayotgan futbol boʻyicha U23 Osiyo kubogi doirasida Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi ertaga chorak finalda Saudiya Arabistoniga qarshi bahs oʻtkazadi. Bugun har ikki jamoa vakillari ishtirokida boʻlajak oʻyin oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda jamoamiz ustozi Timur Kapadze va sardor Jasur Jaloliddinov ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib oʻtishdi:
“Ertangi o’yin ikki jamoa uchun ham muhim. Biz unga tayyormiz. Saudiya Arabistoni kuchli jamoa. Ularning kuchini yaxshi bilamiz. Uchrashuvlarini tahlil qildik. Biz o’z rejamiz asosida o’yin ko’rsatamiz. Barchasi ertaga maydonda hal bo’ladi. So’nggi qo’shilgan legionerlarimiz jamoaga yaxshi moslashib ketishdi. Bu bizga qo’shimcha kuch beradi. Bo’lajak bahsda ulardan foydalanamiz. Pley-off bosqichida avval ham o’ynaganmiz. Asosiy yo qo’shimcha vaqtlar bo’ladimi, penaltilar seriyasimi, hammasiga tayyormiz”.
"Murabbiyimiz aytganidek, maqsadimiz yoʻlida ketmoqdamiz. Ertangi oʻyinga tayyormiz va musobaqadagi yurishimizni davom ettiramiz. Yildan yilga katta oʻsishga erishdik. Hech qanday bosim yoʻq. Fikrimiz faqat oldinda turgan oʻyinlarga qaratilgan. Ertaga futzal jamoamiz ham Osiyo kubogida Eronga qarshi muhim uchrashuvda maydonga chiqadi. Ularga ham omad tilab, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytishlarini niyat qilamiz. Hammamiz bir maqsad – Vatan sha'ni uchun kurashmoqdamiz", – dedi jamoamiz sardori.