25 Aprel 2024 343

Xitoyning mashhur kompaniyasi Toshkent-2025 Oʻyinlarining ochilish va yopilish marosimi taqdimotini oʻtkazdi

Sir emaski, bugungi kunda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga katta hajmda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Oʻyinlar bilan bogʻlik har bir yoʻnalishga davlat darajasida ahamiyat qaratilyapti. Jumladan, musobaqaning tantanali ochilish va yopilish marosimlariga ham.

Xitoyning "Zhejiang Dafeng Technology Co LTD” kompaniyasi ayni shu yoʻnalishda faoliyat olib boradigan shirkat boʻlib, soʻnggi yillarda bir qator yirik kompleks musobaqalar, jumladan, Pekin-2022 qishki Olimpiya va Paralimpiya, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo va Para Osiyo oʻyinlarining tantanali ochilish hamda yopilish marosimlarini sahnalashtirgan. Bir necha kun davomida tashkilot direktori Gaven Feng boshchiligidagi mutasaddilar poytaxtimizda mehmon boʻlishdi. Tashrif doirasida Sport vazirligida xitoylik ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Unda Adham Ikramov boshchiligidagi Sport vazirligi rahbariyati va MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi. Uchrashuvda xitoylik ijodkorlar uzoq asrlik tariximiz va madaniyatimizni oʻrgangan holda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlarining tantanali marosimlari uchun oʻz taqdimotlarini koʻrsatishdi.

Uchrashuv davomida vazir marosimni yuqori darajada tashkil etish ne chogʻlik katta ahamiyat kasb etishi haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, taqdimotdagi bir qator epizodlarni boyitish, sport orqali xalqlar orasidagi birdamlik va doʻstlik rishtalarini namoyish etish kabi yoʻnalishlar yuzasidan fikr almashildi.

Maʼlumot uchun, "Zhejiang Dafeng Technology Co LTD” kompaniyasi madaniyat, sport va turizm sohalari uchun integratsiyalashgan loyihalarni taqdim etuvchi va ularni amalga oshiruvchi yetakchi shirkat hisoblanadi. Unda faoliyat olib borayotgan 80 dan ortiq ilmiy salohiyatga ega mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar 120 dan ortiq davlatlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Text to speech