Oltinchi Toshkent marafonining eng yaxshilarini "BYD Song Pro" kutmoqda
Ertaga poytaxtimizda BYD Toshkent VI xalqaro marafoni oʻtkaziladi. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, mamlakat yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, tashkiliy qoʻmita vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Dastavval Shahrullo Mahmudov oltinchi bor tashkil etilayotgan musobaqaning nufuzi tobora ortib borayotgani, qolaversa, uning xalqimiz orasida ommaviy sport targʻiboti yoʻlida muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi. Shuningdek, marafon ishtirokchilari Olimpiada normativlarini bajargan taqdirda Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining ishtirokchisiga aylanishlari mumkinligiga alohida urgʻu berdi. Oʻz navbatida, Butunjahon yengil atletika federatsiyasi tomonidan yuborilgan texnik delegat Norri Uilyamson tashkiliy jihatdan yuqori tayyorgarlik koʻrilgani, trassa xalqaro talablarga javob berishini eʼtirof etdi.
Kamoliddin Roʻzimuhammedov soʻz oʻrnida musobaqa bilan bogʻliq raqamlarga toʻxtalib oʻtdi. Unga koʻra, tadbir doirasida 3, 10 km, yarim marafon (21 km) va marafon (42 km, 195 metr) masofalariga yugurish boʻyicha bahslar oʻtkaziladi. Ommaviy sport bayramida jami 6000 nafarga yaqin ishtirokchi startga chiqishi kutilmoqda.
Yarim marafon va marafon dasturlari bir vaqtning oʻzida hamyurtlarimiz uchun Oʻzbekiston chempionati vazifasini ham oʻtab beradi. Eng asosiysi, atletlarimiz orasida ushbu dasturlarda eng yaxshi natija koʻrsatgan 1 nafardan erkak va ayol sportchilarga "BYD Song Pro" avtomobili nasib etadi.
Musobaqaning umumiy sovrin jamgʻarmasi 720 million soʻmni tashkil etadi. Ertangi poygalarda 45 mamlakatdan havaskor va professional sportchilar qatnashadi. Musobaqa Butunjahon yengil atletika federatsiyasi taqvim rejasidan oʻrin olgan boʻlib, World Athletics Label darajasiga ega.
BYD Toshkent VI xalqaro marafoni ertaga 06:15 da boshlanadi. Start va finish nuqtasi sifatida anʼanaga muvofiq "Humo arena" majmuasining oldidagi maydon belgilangan.