17 Aprel 2024 293

Parij-2024 litsenziatlari: Delegatsiyamizga ilk yoʻllanmani taqdim qilgan Taxmina Ikromova

Olympic.uz Siz aziz oʻquvchilarga yangi loyihani taqdim etmoqda. Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari boshlanishiga 100 kun qolishi munosabati bilan boʻlajak musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimizni yaqindan tanishtirish, ular haqidagi qiziqarli maʼlumotlarni obunachilarimiz bilan boʻlishishni lozim topdik. Demak, loyihaning ilk qahramoni mos ravishda boʻlajak Olimpiada uchun delegatsiyamizga dastlabki litsenziyani keltirgan badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Taxmina Ikromova boʻladi.

Ikromova Taxmina Izzatullayevna 2004-yil 6-avgust kuni Samarqandda dunyoga kelgan. Badiiy gimnastika boʻyicha 2016-yildan Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Murabbiyi Liliya Vlasova. 2021-yildan xalqaro maydonda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishni boshladi. Shu yili u Toshkentda oʻtgan Osiyo chempionatida 1 ta oltin va 3 ta kumush medalga sazovor boʻldi. Hozirgacha uning hisobida qitʼa birinchiliklarining 11 ta oltin va 4 ta kumush medallari mavjud. Jahon kubogi bosqichlarida esa 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallarini jamgʻargan. Ikromova Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining qahramonlaridan biriga aylandi. Boisi u yakkalik va jamoaviy dasturlarda chempionlik shohsupasiga koʻtarilib, delegatsiyamizga 2 ta oltin medalni taqdim qildi. Koʻrsatgan natijalari evaziga 2023-yil Oʻzbekistonning eng yaxshi ayol sportchisi deb topilgan.

Taxmina 2023-yil avgust oyida Ispaniyaning Valensiya shahrida oʻtgan jahon chempionati orqali Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan.

Text to speech