13 Aprel 2024 381

Osiyo kubogi guruh bosqichidagi raqiblarimiz va o’yinlar taqvimiga nazar tashlaymiz

Yana sanoqli kunlardan keyin Qatarda futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogi start oladi. Xabaringiz bor, unda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi “D” kvartetida Malayziya, Vyetnam va Quvayt jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan. Guruh bosqichidagi o‘yinlarimiz va bizga raqiblik qiladigan ushbu jamoalarning U23 Osiyo kuboklaridagi ishtiroki haqida nimalarni bilamiz? 

Dastlabki o‘yin 17-aprel kuni Malayziyaga qarshi kechadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 18:00 da start oladi. Uchrashuvga 2022-yilgi jahon chempionatining naqd 8 ta o‘yinini o‘tkazgan “Khalifa International Stadium” arenasi mezbonlik qiladi. 

Raqib haqida. Bu mazkur yosh toifasidagi Malayziya jamoasining uchinchi bor Osiyo kuboklarida ishtirok etishi. 2018-yilgi musobaqada ular chorak finalgacha yetib borib, o‘zlarining eng yaxshi natijasini ko‘rsatishgan. 

Ikkinchi o‘yin 20-aprel sanasida Quvayt jamoasi bilan o‘tadi. Toshkent vaqti bilan 20:30 da boshlanadigan bahs “Al Janoub Stadium”da kechadi. Darvoqe, ushbu arena JCh-2022 dagi 7 ta o‘yinni qabul qilgan. 

Bu Quvayt U23 jamoasi uchun ham uchinchi Osiyo kubogi. Ular 2013 va 2022-yilgi musobaqalarni guruh bosqichidayoq yakunlashgan. 

Guruhdagi so‘nggi o‘yin uchun yana “Khalifa International Stadium”ga qaytamiz. 23-aprel kuni asosiy raqib Vetnam bilan katta ehtimol birinchi o‘rin masalasi hal etiladi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 20:30 da boshlanadi. 

Vyetnam U23 jamoasi beshinchi bor Osiyo kuboklarida qatnashmoqda. Ularning eng yaxshi ko‘rsatkichi jamoamizning eng yaxshi natijasi bilan bevosita bog‘liq. Ya’ni 2018-yilgi turnirda Ravshan Haydarov boshchiligidagi yoshlarimiz finalda aynan ushbu jamoa vakillarini mag‘lubiyatga uchratgan va vyetnamliklar kumush medalga sazovor bo’lishgan edi.

O’zbekiston uchun esa bu ushbu yosh toifasidagi oltinchi Osiyo kubogi bo’ladi. Jamoamiz 2018-yilgi musobaqa g’olibi hisoblanadi. Shuningdek, yoshlarimiz 2022-yilgi turnirda finalgacha yetib borishgan.

Bugun yigitlarimiz Qatarda dastlabki mashg‘ulotini o‘tkazishadi. Ko‘rib turganingizdek, barcha o‘yinlarimiz jahon chempionati bahslarini qabul qilgan, yuqori darajadagi stadionlarda kechadi. Bu esa texnikasi ancha yuqori bo‘lgan yigitlarimiz o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatib, tarixiy natija qayd etishlari uchun ayni qulay imkoniyat. Fursatdan foydalanib, yana bir bor Timur Kapadze shogirdlariga Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari bilan qaytishlarini tilab qolamiz.

Text to speech