Ular Tokioga borishadi: Chirchiqlik Svetlana Osipova
Yaqinlashib kelayotgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan litsenziatlarimiz haqida ma’lumot berishda davom etamiz. Bugun taekvondo bo‘yicha terma jamoamiz vakili Svetlana Osipova haqida hikoya qilamiz.
Svetlana Valerevna Osipova 2000-yil 3-may kuni Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida tug‘ilgan. 2015-yildan taekvondo bilan shug‘ullanadi. Murabbiyi Pahlavon Sobirov.
Osipova 2016-yildan milliy terma jamoa tarkibiga jalb qilingan. 2018-yil Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida bronza, 2019-yil Butunjahon harbiylar o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 2019-yil Yaponiyaning Chiba shahrida o‘tgan Gran-pri musobaqasida bronza medaliga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy sohada ham ancha faol bo‘lgan Svetlana 2019-yil yana bir yuksak sovrin Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
2021-yil Iordaniyada o‘tgan litsenzion musobaqadagi ishtiroki orqali +67 kg vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan.