11 Aprel 2024 1752

Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining medallari haqida Siz bilgan va bilmagan faktlar

Joriy yilning 8-fevral kuni Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining tashkiliy qoʻmitasi boʻlajak musobaqalarning medallarini taqdim qildi. Shubhasiz, oʻzgacha uslubdagi medallar dizayni koʻp jihatlari bilan omma eʼtiborini tortib kelmoqda.

Umumiy hisobda Oʻyinlar uchun taxminan 5084 dona medal tayyorlanadi. Ularning vazni probasiga qarab 455-529 grammni tashkil etadi. Oltin medalning 98.8 foiz qismi kumush, 1.13 foizi esa oltin moddasidan tashkil topgan. Bronza medallari mis, rux va qalay qorishmasidan iborat. Avvalgi Olimpiadalarda boʻlgani kabi oltin medalning ustki qatlamiga tilla suvi yuritilgan.

Xoʻsh, bu medallarning oldingilaridan farqli jihatlari ham bormi? Albatta, bor. Har bir medalning old qismida Eyfel minorasining 18 gramm temir boʻlagi mavjud. Bu medallarning markaziy qismida aks etgan oltiburchak shaklidagi metallga joylashtirilgan. Nega endi oltiburchak degan savol ham tugʻiladi. Mezbonlar bunga Fransiyaning xaritadagi koʻrinishi aynan ushbu shaklga oʻxshashini javob sifatida keltirishgan. Anʼanaviy tarzda medallarning orqa qismida birinchi zamonaviy Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilgan “Panatinaikos” stadioni va yunon mifologiyasidagi Nika (Gʻalaba xudosi) tasvirlangan.

Text to speech