H2H: Bobonov – Sherazadishvili
Budapeshtda o‘tkazilayotgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining bugungi kun dasturida hamyurtimiz Davlat Bobonov final bahsida ishtirok etadi. -90 kg vazn toifasida kechadigan ushbu bahs haqida qiziqarli faktlarni eʼtiboringizga havola qilamiz:
O‘zaro to‘qnashuvlar
Shu paytgacha dzyudochilar ikki bor to‘qnash kelishgan. Afsuski, har ikkisida ham ispaniyalik sportchining qo‘li baland kelgan. Ularning ilk to‘qnashuvi 2020-yil Parij “Katta dubulg‘a” musobaqasiga to‘g‘ri keladi. 3-bosqich bellashuvida Bobonov vazari bahosi bilan oldinda borayotgan edi. Biroq asosiy vaqt yakunlanishiga 3 soniya qolganida hamyurtimiz uchinchi shidoni oladi va g‘alaba Sherazadishviliga o‘tib ketadi. Ikkinchi to‘qnashuv esa dzyudo restartiga, hozirda JCH o‘tayotgan ushbu arenadagi yana bir “Katta dubulg‘a” musobaqasiga to‘g‘ri keladi. Chorak final doirasidan o‘rin olgan bu to‘qnashuvda Nikoloz qo‘shimcha daqiqada qo‘lga kiritgan vazari bahosi bilan ustun keladi.
Raqib haqida
Nikoloz Sherazadishvili 1996-yil Gruziyada tug‘ilgan. 10 yoshida oilasi Madridga ko‘chib o‘tadi. 2014-yildan Ispaniya terma jamoasi sharafini himoya qiladi. 190 sm bo‘yga ega bu polvon 2018-yil Boku shahrida o‘tgan jahon chempionatida g‘alaba qozongan. -90 kg vaznda jahon va Olimpiada reytingi yetakchisi. Sherazadishvili Ispaniya sporti tarixida ilk bor jahon chempioni bo‘lgan dzyudochi hisoblanadi.
Jahon chempionatining finalida turibmiz. Bu yerga kuchsiz raqib kelmaydi, albatta. Nikoloz qanchalar nomdor bo‘lmasin, biz Davlat Bobonovga ishonamiz va avvalgi mag‘lubiyatlar uchun munosib revansh olishiga umid qilamiz. Olg‘a, Yangi O‘zbekiston!