2 Aprel 2024 1197

Timur Kapadze: “Nafaqat Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish, balki unda shohsupaga koʻtarilishni maqsad qilganmiz”

Joriy yilning 15-aprel – 3-may kunlari Qatar yashil maydonlarida futbol boʻyicha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi U23 Osiyo kubogi boʻlib oʻtadi. Bugun MOQda musobaqa oldidan terma jamoamizning tayyorgarligiga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda MOQ raisining birinchi oʻrinbosari, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze OAV xodimlarining savollariga javob berishdi.

Anjumanda Ravshan Irmatov musobaqaning oʻzbek futboli uchun ne chogʻlik ahamiyatga ega ekani, millionlab muxlislar kutgan Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish yoʻlida 3-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, “Olimpik” loyihasi, zamonaviy talablar asosida barpo etilayotgan terma jamoalar markazi xususida gapirib oʻtdi. Shuningdek, Ravshan Sayfuddinovich legionerlar masalasiga ham alohida toʻxtaldi. Unga koʻra, xorijda toʻp surayotgan 2 nafar futbolchimizning klublari bilan ijobiy kelishuvga erishilgani va 3 ta jamoa bilan muzokaralar davom etayotganini maʼlum qildi.

Oʻz navbatida, Timur Kapadze ham boʻlajak turnirga katta tayyorgarlik koʻrilgani va buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani, yakuniy roʻyxatdan eng optimal formaga kirgan yigitlar joy olishi, Olimpiada yoʻllanmasi uchun hamma oʻyinchi bor kuchi bilan harakat qilishi haqida toʻxtaldi. Qolaversa, Parij-2024 yozgi Olimpiadasiga yoʻllanma olish emas, balki unda medal olish asosiy vazifa ekanini qoʻshimcha qildi.

Tadbir davomida spikerlar OAV xodimlarini qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob berishdi. Anjumanni ushbu havola orqali toʻliq tomosha qilishingiz mumkin.

Text to speech