30 Mart 2024 1093

Parij-2024: Oʻzbekiston delegatsiyasining tayyorgarlik rejalari OAV bilan baham koʻrildi

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasining 2023-yilgi faoliyati va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga olib borayotgan tayyorgarligiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov OAV xodimlarining mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Dastavval, Oybek Omilovich MOQning ortda qolgan yildagi faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 Olimpiadasiga koʻrayotgan tayyorgarligi, oʻtkazilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, xalqaro aloqalar va musobaqalar, sport tibbiyoti kabi yoʻnalishlar hamda bular uchun yil davomida sarflangan mablagʻlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi. MOQ Bosh kotibi tadbir davomida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari mavzusiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Anjumanning ikkinchi yarmi Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgariligi haqida boʻldi. Mavzu yuzasidan Sherzod Rixsibayevich soʻz olib, Sport vazirligi bilan har bir terma jamoalar kesimida tayyorgarlik rejalari ishlab chiqilgani xususida toʻxtaldi. Unga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasi 20 ta yoʻnalishda Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishi kutilmoqda. Tabiiyki, unda ishtirok etadigan oʻzbekistonlik sportchilarning soni ham avvalgilarga qaraganda ortishi rejalashtirilgan.

Savol-javob qismida ogʻir atletika, eshkak eshish sport turlari, velosport, futbol, yengil atletika kabi yoʻnalishlarda terma jamoalarning litsenzion musobaqalarga tayyorgarligi haqida alohida soʻz bordi. Sh.Tashmatov baʼzi jamoalarning xorijdagi yigʻinlarini shaxsan oʻzi joylarga borib kuzatib kelgani, ular uchun eng zamonaviy inventarlar xarid qilingani, malakali xalqaro mutaxassislar biriktirilganini inobatga olib, litsenzion musobaqalarda atletlarimizdan yuqori natijalar kutilayotganini taʼkidladi.

Ayni paytda Oʻzbekiston delegatsiyasi hisobida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari uchun 25 ta yoʻllanma mavjud. Tadbir yakunida Oybek Kasimov davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan yaqinlashib kelayotgan 4-yillikning eng nufuzli musobaqasiga har qachongidan ham koʻproq yoʻllanma olib, delegatsiyamiz tarixidagi eng yaxshi natijani yangilash reja qilinganini maʼlum qildi.

Text to speech