9 Iyun 2021 2464

Xushxabar! Tokio Olimpiadasi uchun o‘q otish sportida ikkita litsenziya qo‘lga kiritildi

Xalqaro o‘q otish sporti federatsiyasidan O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi uchun xushxabar keldi. Xalqaro tashkilot delegatsiyamiz Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun litsenziya qo‘lga kiritganini maʼlum qildi.

Hamyurtimiz Muxtasar Tohirova pnevmatik miltiqdan 10 metr masofadan va 50 metr masofadan 3 holatda o‘q otish dasturlarida kvalifikatsion davrda to‘plagan yuqori ballari uchun Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining litsenziyalariga ega bo‘ldi.

Qayd etish joiz, sportchimiz litsenzion davrdagi 2019-yil Qatarning Doxa shahrida o‘tgan Osiyo chempionati va Germaniyaning Zul shahrida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yuqori natijani qayd etgan edi. Bu yil ham Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro musobaqada 10 metr masofada kechgan dasturda g‘alaba qozongan.

Shu tariqa, O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasi delegatsiyamiz hisobiga yana 2 ta litsenziyani taqdim qilmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi federatsiyamiz va Muxtasar Tohirovani qo‘lga kiritilgan Olimpiada yo‘llanmasi bilan muborakbod etib qoladi.

Text to speech