9 Iyun 2021 2367

Paralimpiyachilarimiz uchun maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi

Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga ham tobora oz muddat qolmoqda. Ushbu yirik sport tadbiri vatanimiz Mustaqilligining 30 yillik shodiyonasi arafasida o‘tkazilishi, unda qayd etiladigan natijalarning naqadar ahamiyatli bo‘lishini anglash qiyin emas.

Albatta, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun avvalambor sportchilarni ruhlantirish, ular orasida ona vatanga muhabbat tuyg‘ularini yana-da jo‘sh urdirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni inobatga olgan holda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng yo‘lga qo‘yish rejasi ishlab chiqildi.

Ushbu rejaga asosan O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Momindjanov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, sport faxriysi Bahrom Gafurov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Mirodil Baratov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutaxassisi Shahnoza Ahmedova, para-dzyudo, para-pauerlifting va para-taekvondo sport turlari bo‘yicha terma jamoa aʼzolari ishtirok etishdi.

Tadbirni Sharifjon Momindjanov olib bordi. Dastlab so‘z Bahodir Maxsitovga berildi. Uzoq yillar davomida o‘zbek sportida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan tajribali mutaxassis o‘z nutqi davomida Paralimpiya o‘yinlari ostonasida turgan sportchilarimizga Mustaqillik bayrami arafasida yurtimizga yorug‘ yuz bilan kelishlari, ulardan butun xalqimiz ko‘plab medallar va yuqori natijalar kutayotgani haqida gapirib, bu yo‘lda ularga omad tiladi.

So‘ngra Bahrom Gafurov muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan sportga yana-da keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ham sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilayotgani haqida gapirdi. Joriy yilning 18-may kuni davlat rahbari tomonidan imzolangan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi qaror bu boradagi harakatlarning yaqqol ifodasi ekani ham alohida tilga olindi. Shundan so‘ng so‘z olgan Mirodil Baratov Vatan tuyg‘usi, uning naqadar muqaddas ekani haqidagi mavzuda maʼruza qildi.

Qiziqarli va taʼsirli ruhda kechgan uchrashuv shu tariqa o‘z nihoyasiga yetdi. Tadbir yakunida bunday uchrashuvlarni belgilangan reja asosida tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olindi.

Text to speech