22 Mart 2024 883

Butunjahon etnosport konfederatsiyasi prezidenti Nejmeddin Bilal Erdogʻan bilan hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama qilindi

Bugun Butunjahon etnosport konfederatsiyasi prezidenti Nejmeddin Bilal Erdogʻan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov va MOQ rahbariyati qarshi oldi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston etnosport federatsiyasi raisi Oybek Norinboyev ham ishtirok etdi. Tomonlar yigʻilish davomida ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni sport sohasi orqali yanada mustahkamlash, milliy va etnosport turlarini rivojlantirish kabi istiqbolli loyihalarni koʻrib chiqishdi. Suhbatda Nejmeddin Bilal Erdogʻan oʻtgan yilning sentyabr oyida Xivada yuqori saviyada tashkil etilgan Xalqaro etnosport festivali haqida ijobiy fikr bildirib oʻtdi.

Oʻz navbatida Adham Ikramov Prezidentimiz boshchiligida ommaviy va professional sport rivojiga qaratilayotgan eʼtibor haqida gapirib, martabali mehmonni bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari va uning uchun qurilayotgan Olimpiya shaharchasi haqida taqdimot qildi.

N.B.Erdogʻan poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasining loyihasiga yuqori baho berdi. Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning kelgusi bosqichlarini belgilab olishdi. Tashrif yakunida Oybek Kasimov Butunjahon etnosport federatsiyasi prezidentiga MOQning esdalik nishonini topshirdi.

Text to speech