Kurashchilarimiz Polsha ochiq chempionatini ikkita medal bilan boshlashdi
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Polshada sport kurashlari bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning birinchi kunida terma jamoamiz vakillari 2 ta medal qo‘lga kiritishdi.
-79 kg vazn toifasida kurashgan Rashid Qurbonov chorak va yarim finallarda Polsha hamda Litva vakillariga hech qanday imkoniyat qoldirmay raqiblarini 10:0 hisobida mag‘lub etdi. Slovakiyalik Axsarbek Gulayevga qarshi kechgan final bellashuvida 2:2 hisobi qayd etildi. Unda so‘nggi ballni slovakiyalik kurashchi qo‘lga kiritgani uchun g‘alaba Gulayev tomonda bo‘ldi va Qurbonov turnirni kumush medali bilan yakunladi.
Shuningdek, Mahmud Shavkatov -57 kg vazn toifasida bronza medali bilan taqdirlandi. Bugun bo‘lib o‘tadigan bellashuvlarda ham bir qator vazn toifalarida erkin kurashchilarimiz bahs olib borishadi.