15 Mart 2024 1087

Taekvondochilarimiz toʻliq tarkib bilan Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishdi

Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi masʼuliyatli davr - Parij-2024 Olimpiadasi siklining kvalifikatsion bosqichini katta muvaffaqiyat bilan tugatmoqda. Jamoa oldiga qoʻyilgan birinchi vazifa maksimal darajada bajarildi. Hamyurtlarimiz 100 foizlik natija koʻrsatib, Fransiya poytaxti mezbonlik qiladigan Olimpiadaga 4 ta litsenziyani qoʻlga kiritishdi.

Avvalgi Olimpiada sikllarida koʻpi bilan 1 nafar taekvondochimiz reyting orqali 4-yillikning eng nufuzli musobaqasiga yoʻl olgan boʻlsa, bu gal ilk bor 2 nafar hamyurtimiz kuchli beshlikdan joy olishga muvaffaq boʻldi. Shuningdek, yana bir nechta sportchilarimiz litsenzion hududga juda yaqin kelishdi. Olimpiada reytingining yakuni natijalar avvalgidan ancha oʻsganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, ketma-ket ikki jahon chempionati 4 ta medal bilan yakunlangani ham Parij-2024 siklida Oʻzbekiston terma jamoasi nafaqat Osiyo, balki dunyo taekvondosida kuchlilar qatorida eʼtirof etilishini ifodalaydi.

Ulugʻbek Rashitov (-68 kg) va Svetlana Osipova (+67 kg) 2023-yil yakunida eʼlon qilingan reytingga koʻra, Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisiga aylanishdi. Shu bois Oʻzbekiston terma jamoasi Xitoyda oʻtayotgan qitʼaviy litsenzion turnirga 1+1 shaklida, yaʼni 1 nafardan erkak va ayol sportchilarni roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin edi. Tanlab olingan sportchilar Jasur Jaysunov (-80 kg) va Ozoda Sobirjonova (-67 kg) bildirilgan ishonchni oqlashdi. Bugun ular berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, jamoamiz yoʻllanmalari sonini 4 taga yetkazishdi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham taekvondochilarimiz toʻliq tarkibda ishtirok etishgan edi. Ushbu natija bu gal ham takrorlanib, Oʻzbekiston taekvondo bahslarida Fransiyaga toʻliq tarkib bilan yoʻl oladigan kam sonli delegatsiyalardan biriga aylandi. Darvoqe, taekvondochilarimiz Parij-2024 Olimpiadasi dasturiga koʻrgazmali yoʻnalish sifatida kiritilgan aralash jamoaviy bahslarda ham qatnashadigan dunyodagi 4 jamoadan biri hisoblanadi.

Demak, Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan taekvondochilarimiz roʻyxati quyidagicha:

-68 kg: Ulugʻbek Rashitov
-80 kg: Jasur Jaysunov
-67 kg: Ozoda Sobirjonova
+67 kg: Svetlana Osipova

Text to speech