14 Mart 2024 1294

Jahon chempioni Isroil Madrimovga Prezident sovgʻasi topshirildi

Professional boksning WBA yoʻnalishi boʻyicha jahon chempioni Isroil Madrimov bugun Toshkentga qaytib keldi. Hamyurtimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Marosimda Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, mamlakat boks federatsiyasi rahbariyati, shuningdek, bokschimizning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov sportchimizni qoʻlga kiritgan muvaffaqiyati bilan muborakbod etib, uning kelgusi faoliyatida ham omad tiladi. Shuningdek, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov sportchimizni Olimpiya oilasi nomidan qutlab, chempionga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovgʻasi – “Tahoe” avtomobilining kalitini topshirdi. Oʻz navbatida, Madrimov davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibordan mamnun ekanini taʼkidlab, kelgusida qolgan yoʻnalishlardagi chempionlik kamarlarini ham Toshkentga olib kelishini aytdi.

Eslatib oʻtamiz, hamyurtimiz 8-mart kuni Saudiya Arabistonida oʻtgan chempionlik bellashuvida faoliyatida 25 ta jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba qozongan rossiyalik Magomed Kurbanovni 5-raundda nokautga uchratgan edi.

Shu tariqa, Isroil Madrimov super oʻrta vazn toifasida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan oʻzbekistonlik birinchi bokschiga aylandi. Ushbu gʻalabadan keyin u WBA reytingida 1-oʻringa koʻtarilib oldi. Mazkur chempionlik kamariga oʻz vaqtida amerikalik Floyd Meyvezer, Oskar de la Xoyya va puerto-rikolik Migel Kotto kabi jahon boksining afsonalari va yulduzlari egalik qilishgan.

Text to speech