8 Iyun 2021 2278

Litsenzion Osiyo chempionatini oltin medallar bilan boshladik

Poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha litsenzion Osiyo chempionati start oldi. Bugun Gimnastika saroyida o‘tkazilayotgan musobaqaning tantanali ochilish marosimi va dastlabki yo‘nalishlarda final bahslari bo‘lib o‘tdi.

Marosimda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Ruslan Mustayev so‘zga chiqib, davlatimiz tomonidan ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtalib o‘tishdi. Musobaqa rasman ochiq deb e’lon qilingach, tadbirning badiiy qismi bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng yakkalik bahslarida xalqa va to‘pdagi mashqlar bo‘yicha final bahslariga navbat berildi. Quvonarlisi, Taxmina Ikromovaning xalqada, Yekaterina Fetisovaning to‘pda bajargan dasturi hakamlarning eng yuqori ballariga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa qizlarimiz ilk kundayoq terma jamoamiz hisobiga qo‘shaloq oltin medallarni taqdim qilishdi.

Ta’kidlash joiz, musobaqa doirasida Rustam Shoabdurahmonov va uning o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Avaz Karimov, Ruslan Mustayev va boshqa bir qator mutasaddilar Tokio-2020 tayyorgarligi va yurtimizda ushbu sport ommaviyligini oshirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishdi.

Text to speech